Rang sxemasi

Urushdan sog‘-omon qaytishimga ishonmagandim


07.05.2018

9 may – Xotira va qadrlash kuni oldidan bir guruh maktab o‘quvchilari Buloqboshi tumani Uchtepa mahallasida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 95 yoshli Abdug‘ani ota G‘afforov xonadonida bo‘ldi. Ko‘ksini orden va medallar bezab turgan otaxon yoshlarga suronli urush yillari xotiralaridanso‘zlab berdi:

– 1941 yil kuzda, 18 yoshimda ko‘ngilli bo‘lib yurt himoyasiga jo‘nab ketganman, – deydi Abdug‘ani ota. – Ukraina, Belarus, Polshadagi janglarda qatnashib, g‘alabani Germaniyada kutib oldim. Urushda ne-ne azobu mashaqqatlar bo‘lmadi, deysiz. Eh-he, qancha safdoshlarim ko‘z oldimda halok bo‘ldi. Hisobini birgina Alloh biladi. Janggohlarda ingrab yotgan yaradorlar, och, yupun, ota-onasiz qolgan bolalar, vayron bo‘lgan shaharu qishloqlar xotiramdan o‘chmaydi. Ochig‘i, shunday kezlarda urushdan sog‘-omon qaytishiga hech kim ishonmaydi. Nasiba ekan, bugungiday dorilomon kunlarni ham ko‘rdim. Tinch-osoyishta, farovon kunlarning qadriga yeting. Yaxshi o‘qing, sidqidildan ishlang. Mana shu sizning ulug‘ ne’matlar qadriga yetganingiz bo‘ladi.

Darhaqiqat, Abdug‘ani otaning hayot yo‘li yosh avlod uchun ibrat maktabi. Urushdan so‘ng qishloq xo‘jaligi sohasida uzoq yillar samarali mehnat qildi. Ayoli bilan 8 farzandni tarbiyalab, el-yurt ishiga kamarbasta insonlar qilib voyaga yetkazdi. Bugun 36 nabira, 71 chevara ardog‘ida umrguzaronlik qilmoqda. Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklardan ko‘ngli tog‘dek o‘sayotganini ta’kidlaydi.

– Inson halol mehnati, ezgu ishlari tufayli el-yurt orasida hurmat-e’tibor topadi, – deydi Abdug‘ani ota. – Bugungi yoshlar mana shu hayotiy haqiqatni yaxshi bilishi, hamisha ezgulikka intilib yashashi, yurt ravnaqi, xalq osoyishtaligi uchun fidoyi bo‘lishi kerak.

 

6.JPG

Мanba

 

Jasorat haqida yozish

Siz xotira.uz portalida yaqinlaringiz urushda ko‘rsatgan jasorati haqida so‘zlab berish imkoniga egasiz. Biz birgalikda Ikkinchi jahon urushida vatandoshlarimiz ko‘rsatgan jasorati haqidagi xotirani saqlab qolamiz va kelajak avlodga yetkazamiz.