Rang sxemasi

Eglikov Shodi


29.06.2017

Asrlar almashar ekan,zamonlar o’zgaradi,odamlar turlanadi,ne-ne tushunchalar qdrsizlanadi.Ammo,shunday bir so’z borki, uning mohiyati yangidan-yangi ma’no anglatib, qadri osmon qadar yuksalib,zalvori zamin qadar vazminlashib boraveradi.Uning uchun ne-ne tirik jonlarni Ona yer o’z bag’rida mangu allalaydi.Qadrini bilmoq uchun ne-ne avlodlar olis moziy sarhadlarga uzoq ko’z tikadilar.Bu-nuroniylar ko’zlarida aks etgan shukronaning,go’daklar ko’zida porlagan baxtning,onalar ko’zida jilva qilgan muhabbatning bosh sabab kori TINCHLIKdir!
            Ola yaralibdiki, inson faqat halovat va xotirjamlik tuyg’usidan gina lazzat topa olgan. Qalbidagi eng oliy hislarini ham,tafakkur va moddiyatini ham mana shu mo’jizakor so’z borligi uchungina asraydi.
              Go’zal diyorimizning yaqin o’tmishiga bir qur nazar tashlasak ,yuragimizda bir sovuq shamol esib o’tadi. Nolasi yer-u samoni titratgan o’zbek onasining faryodi qulog’imizga chalinaveradi.Nomini eshitiboq qalb titraydigan URUSH tufayli ulug’ ne’mat evaziga jonlarini nisor aylagan ne-ne alp yigitlarning begona yurt tuprog’iga to’lgan jayron ko’zlari bizga armon bilan boqib turgandek tuyulaveradi.Ha,nechog’lik achchiq bo’lsada, ushbu hotiralar barchasi xalqimiz dilidagi dardli dog’dir.Ammo ,bir narsa kishiga taskin beradi, ozor topgan ruhimizn ovuntiradi.Bu-frontda qon kechish barobarida,Vataniga Qahramon bo’lib,omon qaytgan, yurt ravnaqiga  imkoni darajasida hissa qo’sha olgan hamyurtlarimizning juda ko’pligidir. Men shular qatorida bugun,9-may-“Xotira va qadrlash kuni” arafasida,jondan aziz,ruxi poklari shod,oxiratlari obod bo’lsin deya duoga qo’l ochganim –bobojonim-Eglikov Shodi bobo haqida hikoya qilmoqchiman. Bobo 1923-yil Qashqadaryo viloyati, Kasbi tumaniga qarashli Mug’lon qishlog’ida ishchi-dehqon oilasida dunyoga kelganlar.O’rta maktabni a’lo baholaarda tugatganlar. Ammo ,yuraklariga tukkan oliy orzulari o’qituvchilik kasbini egallash nasib etmagan . Chunki, endigina 18ga qadam qo’ygan bobomni 1941-yil urush o’zining olovli domiga tortdi.”Ko’pga kelgan to’y”,deb mo’ylovi endi sabza ura boshlagan tengdoshlari qatorida Vatan ozodligi yo’lida janga otlandilar.O’zining iliq bag’rida kamol toptirgan O’zbekiston jondek farzandlarini yot  o’lkalarning sovuq quchog’iga kuzatdi.Stalingrad ostonalaridagi jangdagi otishmalar bobomni qanchalik cho’chitsada,  qalbidagi Vatan mehri unga faqat jasorat bag'ishladi. Hatto, o'ng qo'lidan qattiq yaralansa-da, ortga chekinmadi. Alal- oqibat, 1943-yil, bir oyoqlaridan yaralangan holda, yurtga yorug' yuz bilan qahramon bo'lib qaytganlar. Keliboq,yoshlikdagi eng katta orzulari -ustozlik kasbini egallab, o'rta maktabda dars bera boshladilar. Shu bilan bir qatorda yerga mehr qo'yib, brigadirlik bilan ham 25 yil shug'ullanganlar. Umri faqat mehnat va jasorat bilan o'tgan bobomni hukumat bir qator orden va medallar bilan taqdirladi.
     Umr yo'llarini momom Norjonoy ona bilan uzoq yillar bezadilar. O'n farzandni oq yuvib,   oq tarab, el safiga qo'shdilar.
     Bobom shu darajada yuksak sharaflarga loyiq bo'lsalar-da, o'ta kamtar va hokisor inson edilar. Ular 1998-yil, keksalik gashtini surib, nabiralar qurshovida olamda ko'z yumdilar.
HOZIRGI tinch zamonamizga boqib,avvalo, Ollohga behisob shukurlar aytgan holda ,bobom va bobomga o'xshab front va front ortida halok bo'lgan barcha hamrohlarimizning pok ruhi oldida umrbod qarzdor ekanligimizni his etaman. Bunday dorulomon kunlarga faqat shukrona keltirsak, qalbimizda alanga olgan Vatanga bo'lgan muhabbat otashi- jaholatning urug'ini kuydirib, ildiz otishiga yo'l qo'ymaydi!
      So'zim so'ngida, marhum shoirimiz M.Yusufning quyidagi she'rini esladim:
Bir kuni, bir alvon zamon keladi,
Zamin o'zga omon-omom bo'ladi,
O'n yilmi, yuz yilmi, o'tib oradan,
Urushlar nizolar ketib oradan,
To'plar adirlarda bug'doy o'radi,
Tanklar dalalarda paxta teradi.
Millatlar, elatlar, oq tan, qorqa tan,
Hammasi- Hazrati Inson bo'ladi...
Olamlar- guliston bo'ladi...
Shoirlarchi, bobo?
Shoirlar nima bo'ladi?
Shoirlaring shodlikdan,
Yuraklari yorilib o'ladi!

Jasorat haqida yozish

Siz xotira.uz portalida yaqinlaringiz urushda ko‘rsatgan jasorati haqida so‘zlab berish imkoniga egasiz. Biz birgalikda Ikkinchi jahon urushida vatandoshlarimiz ko‘rsatgan jasorati haqidagi xotirani saqlab qolamiz va kelajak avlodga yetkazamiz.